Turk aktyori Chag‘lar Ertug‘rul «Fazilatxonim va qizlari» serialida birga suratga tushgan Deniz Baysal bilan yangi loyihada ishtirok etadi. Bu haqda «Kinoteka.com» xabar beradi.
Sevishganlar rolini ijro qilgan ushbu juftlik Tims&B telekompaniyasi tomonidan TRT1 davlat kanali uchun suratga olinadigan serialda rol ijro qiladi. «Razvedka» deb ataluvchi serialda, shuningdek, Ezgi Eyubo‘g‘lu, Tunjer Salman, Ezgi Shenler ham ishtirok etadi.
Syujeti sir tutilayotgan serialning drama janrida bo‘lishi hamda turk maxsus xizmat xodimlarining faoliyatiga bag‘ishlanishi ma’lum. Aktyorlar 8 dekabr kuni suratga olish ishlari boshlangan serial suratlarini ijtimoiy tarmoqda bo‘lishishni boshlab yuborgan.
Jurnalist Birsen Altuntashning ma’lum qilishicha, syujetga ko‘ra Chag‘lar avvaliga Ezgi gavdalantirgan qahramon bilan munosabatda bo‘ladi, keyinchalik Deniz Baysal ijrosidagi qizga ko‘ngil qo‘yadi. Yulduzli juftlik ishtirokidagi serial 2021 yilning boshidan efirga uzatiladi, deyiladi xabarda.